Tuman xaqida

Bugungi kunda tuman hududi 740 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Geografik joylashuvi jihatidan shimolda Sirdaryo daryosi, sharqda Andijon viloyati, janubiy-sharqiy va janubiy-g’arbiy tomonlardan Andijon va Farg’ona viloyatlari, shimoliy-g’arbiy tomondan Pop tumani yerlari bilan chegaradosh. Dengiz sathidan 350-380 metr balandlikda joylashgan. Iqlim sharoiti jihatidan subtropik cho’l iqlim mintaqasining o’rta osiyo quruq kontinental zonasiga kiradi. Shunga ko’ra, o’ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Havo haroratining o’rtacha yillik miqdori 15,3 gradusni tashkil etadi. Samarali harorati (10 grad) ortiq, yig’indisi bir yilda 4600-4800 gradusni tashkil etadi. O’simliklarning vegetatsiya davri 223 kun atrofida kuzatiladi. Yog’inlar miqdorining kam bo’lishi va yoz oylarida yuqori harorat tuproqdan kuchli bug’lanishni sodir etadi. Shamolning o’rtacha tezligi 1-2 m/s.ga teng bo’lib, umuman olganda Mingbuloq tumanining iqlim sharoiti paxtaning o’rtapishar navlari va boshqa issiqsevar ekinlar yetishtirish imkonini beradi.

Tuman 9 ta massivdan iborat bo’lib, unga jami 56304 gektar maydon, shundan 33495 gektar ekin yeri, 756 gektar bog’ va uzumzor, 288 gektar tutzor, 3003 gektar aholi tomorqa yerlari, 58 gektar meliorativ bosqichdagi yerlar, 4406 gektar o’rmonzor,
14298 gektar qishloq xo’jaligida foydanilmaydigan yerlar kiradi. Tumanning ma’muriy hududiga kiruvchi 74070 gektar maydondan 17766 gektaridan qo’shni Namangan, To’raqo’rg’on, Pop tumanlari foydalanadi. Tuman hududi asosan past tekislik va qum barxanlaridan iborat. Yerlari och tusli bo’z va sho’rxok, botqoq tu’roq. Yovvoyi o’simliklardan saksovul, tol, qamish, yulg’un, g’umay, sho’ra, yantoq o’sadi. Bo’ri, tulki, chiyabo’ri, quyon, ilon, kaltakesak, echkiemar, yumronqoziq, andatra kabi yovvoyi hayvonlar, laylak, chumchuq, musicha, qirg’iy, zarg’aldoq, qarcha, boyo’g’li singari qushlar yashaydi.

Tuman aholisi 2016 yil 1 yanvar holatiga 115 200 kishiga yetdi. Xonadonlar soni 23599 ta, oilalar 29828 ta, aholi punktlari 40 ta. Tumanning tub aholisi asosan o’zbeklar. Gurtepa eng katta qishloq bo’lib, aholisi Axsikentdan, Qo’qon, Andijon va O’shdan kelib o’rnashib qolgan.

Tuman aholisi qadim-qadimdan dehqonchilik, chorvachilik, qisman hunarmandchilik bilan shug’ullanib kelgan. Yerga sholi, qovun-tarvuz, ozroq paxta, sabzavot ekilgan. Bog’ juda kam bo’lgan. Hozir ham tuman xalq xo’jaligida qishloq xo’jaligi asosiy o’rinni egallaydi. Asosan don, paxta, pilla, boshqa mahsulotlar yetishtiriladi. “Gulbog’ paxta tozalash zavodi” aktsionerlik jamiyati, g’isht zavodlari, 86-avtokorxona, pudratchi qurilish tashkilotlari, “Namangantelekom”ning filiali,
pochta-aloka bog’lamasi, tuman ulgurji-chakana savdo hissadorlik jamiyati, “Ishonch” korxonasi, bozorlar, tuman elektr tarmoqlari, gazlashtirish, ichimlik suv ta’minoti tashkilotlari, ta’lim-tarbiya, sog’liqni saqlash muassasalari faoliyat ko’rsatmoqda.

Tumanga qarashli yerlar asosan Zardaryo kanali va uning R-1, P-2, P-4, P-6, L-3, L-5, Achchiqko’l, Yangi Gigant, L-7, L-9, L-11, M-15, M-17 kabi tarmoqlari, Katta Andijon kanali va uning YaV-9, R-2, R-3 ariqlari orqali Sirdaryodan suv ichadi.

Prezidentimiz Islom Karimovning otalarcha g’amxo’rligi tufayli barpo etilgan oltita kasb-xunar kolleji, 51 ta umumiy ta’lim maktabi, 1 ta maktabdan tashqari tarbiya, 36 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, sport maktabi, musiqa maktabi yosh avlodni milliy istiqlol g’oyalari, vatanparvarlik ruxida komil inson qilib tarbiyalash bo’yicha tinimsiz ish olib borayotir.