Zadaryo irrigatsiya tizimi boshqarmasi

Zadaryo irrigatsiya tizimi boshqarmasiga aslida 1908-1910 yillarda asos solingan. Shu davrda Andijonning Maylisoy degan qishlog’idan kelib Mulkoboddagi mozorga joylashgan Muhammad Rahim (xalq qisqartirib Mamatrayim deydi) eshon Andijonni Mingbuloq aholi punktidagi buloqlardan suv olib, tumanimiz hududiga olib keluvchi ariqni hashar yo’li bilan o’zi bosh bo’lib qazdiradi. Dehqonlar ariq o’zanini ketmon bilan ochishadi. “Eshonbobo arig’i” nomini olgan shu ariq-anhorning suv sig’imi 12 kubometr/sekund atrofida bo’ladi. 1924 yilda respublika oqsoqoli Y.Oxunboboevning da’vati bilan kengaytirilib, suv o’tkazish quvvati 18 kubometr sekundga yetkaziladi. 1946-1949 yillarda “Eshonbobo arig’i” Mehnatobod qishlog’idan boshlanib ketadigan “O’rol aminni arig’i”ga ulanadi. Anhor daryodan suv oladigan tepa qismga bosh to’g’on quriladi, kanal kengaytiriladi, chuqurlashtiriladi, uzaytiriladi. 1949 yilda Ya.A.Shmanenko boshliq 1-qurilish-montaj boshqarmasi bu ish bilan shug’ullanadi.

1963 yilda bosh to’g’on orqali suv olish qiyinlasha boshlaydi. 1964 yilda 2,9 kilometrlik qo’shimcha yangi o’zan kovlanib, bosh to’g’on Sirdaryoning yanada yuqori qismiga ko’chiriladi. O’lchamlari 3x4 metrli oltita rezulyatordan iborat inshoot qurildi. Uning suv o’tkazish quvvati 70 kubometr-sekundga ko’tarildi. Bosh inshoot kompyuter vositasida boshqariladi. PK-107 dagi tashlama inshooti elektr mexanizmlari yordamida sozlanadi.

Kanal jami 39100 gektar maydonni suv bilan tahminlaydi. Jumladan, Mingbuloq tumanida 32200 gektar, Pop tumanida 5500 gektar, To’raqo’rg’on tumanida 1320 gektar, Namangan tumanida 110 gektar maydonni sug’oradi. Kanal 20 ta xo’jaliklararo, 67 ta xo’jalik ichki ariqlariga suv beradi. Kanal bo’ylab PK-109, PK-300 nuqtalarda ikkita akveduk, PK-479 da poezd yo’lida dyuker inshooti, 9 ta nuqtada yirik suv to’sqich inshoot, kanalning o’ng-chap taraflarida  87 ta suv o’tkazish inshooti, suv o’lchash postlari, PK-5+0, PK-263, PK-465+50 nuqtalarida nazorat suv o’lchash postlari, (14 ta temir beton ko’prik, 6 ta piyodalar ko’prigi bor. Keyingi yillarda yozgi sug’orish davrida kanalga yetarli suv chiqarish maqsadida bosh inshootga suv keluvchi o’zanni tozalash.

Daryoni to’sish ishlari uchun 45-50 million, kanal va undagi suv inshootlarini ta’mirlash uchun 18-20 million so’m davlat mablag’i sarflanmoqda. Tizimda 193 ishchi xodim ishlab kelmoqda.

Kanal boshqarmasiga B.Burxonov, N.Ryazanov, A.Ashurov, H.Yo’ldoshev, H.Zayniddinov, O.Umarovlar boshchilik qildilar. Xursanali Muhiddinov, Usmonjon Turdaliev, Abdumannob Sobirov, Olimjon G’oziev, Husniddin To’raboev, Shukrullo Mamadaliev, Abdug’affor Nishonov, Sharofiddin Zayniddinov, Mo’minjon Xudoynazarov, Mahsuda Kenjaeva, O’rmonali Toshboevlar tizimda uzoq yillar mehnat qilib, tumanda sug’orish-melioratsiya ishlarini yaxshilashga munosib hissa qo’shdilar.

Ilgari kanal Yo’ldosh Oxunboboev nomi bilan atalardi. 2012 yil 23 yanvardan boshlab Zardaryo irrigatsiya tizimi boshqarmasi, deb o’zgartirildi.