Sevimli telekanalida efirga ketgan "Maktabda qachon sport zali quriladi?" lavhasiga Mingbuloq tuman hokimligining munosabati

Mingbuloq tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 20-umumta’lim maktabi tomonidan ilm maskanining bugungi holati yuzasidan “Sevimli” telekanaliga murojaat qilingan edi.

Mazkur murojaat tuman hokimligi ishchi guruhi tomonidan o‘rganib chiqildi.

O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, 20-umumta’lim maktabi 1964 yilda qurilgan bo‘lib, 260 o‘ringa mo‘ljallangan. Hozirgi kunda maktabda 276 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda, navbatlilik esa 1,06 ga teng. Maktab binosi 2015 yil Investisiya dasturi asosida 436,5 mln. so‘m mablag‘ evaziga mukammal ta’mirlangan. Maktabda sport zal va oshxona mavjud emas.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi
PF-5635-son Farmoniga asosan Respublikada bolalar va o‘smirlar sport maktablarini tashkil etish, umumta’lim maktablari sport inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va doimiy jihozlashning besh yillik davlat dasturini ishlab chiqish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan 2019 yil 29 yanvardagi 14/1-220-sonli topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida umumta’lim maktablari sport inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash bo‘yicha 2020 - 2024 yillarga mo‘ljallangan manzilli ro‘yxat shakllantirilib, ko‘rib chiqish uchun Xalq ta’limi vazirligiga taqdim etilgan.

Taqdim etilgan manzilli ro‘yxatga asosan Mingbuloq tumanidagi mazkur 20-umumta’lim maktabiga 12x24 o‘lchamdagi sport zal qurish taklifi 2023 yilga berilgan.

Oshxona tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 maydagi “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 132-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan tadbirkor yoki yuridik shaxs tomonidan oshxona yoki bufet faoliyati yo‘lga qo‘yilgan taqdirda xalq ta’limi bo‘limi tomonidan zarur mebel va jihozlar bilan ta’minlash mumkinligi bildirildi.

Maktab atrofi qisman o‘ralgan bo‘lib, tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan qorovulxona qurish va maktab atrofini o‘rash uchun 2020 yil mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan kerakli mablag‘ ajratish bo‘yicha tuman hokimligiga takliflar kiritilgan.

Maktablarning moddiy-texnik holati va ta’lim-tarbiya jarayonlari tuman hokimligining doimiy e’tiborida bo‘ladi.