Statistika ma’lumotlarini davlat xizmatlari markazlari orqali olish mumkin bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 24.11.2022 yil 672–sonli qarori bilan “Statistika ma’lumotlarini taqdim etish buyicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglament” tasdiqlandi.
Reglamentga asosan, fuqarolar mazkur davlat xizmati doirasida statistika dasturi va faoliyatida yuritiladigan statistik tasniflar asosida shakllantiriladigan ma’lumotlar, shuningdek ochiq manbalarda e’lon qilinadigan ma’lumotlarni olishlari mumkin.
Mazkur xizmatdan foydalanish uchun jismoniy va yuridik shaxslar yoki ularning qonuniy vakillari murojaat qilishlari mumkin. Xizmatdan davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelgan holda, shuningdek YaIDXP orqali murojaat qilish mumkin.
Taqdim etiladigan har bir statistik ma’lumotni shakllantirish uchun BHMning 0,08 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi vakolatli organ hisoblanadi.
Xizmat ko‘rsatish muddati ikki ish kuni hisoblanadi.
Quyidagilar davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etish uchun asos bo‘ladi:
- tarkibida davlat sirlari va qonunchilik bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir bo‘lgan, shuningdek individual ma’lumotlarni so‘rash;
- shakllantirilishi statistika dasturida nazarda tutilmagan yoki shakllantirish muddati hali kelmagan statistika ma’lumotlarini so‘rash.
- Davlat xizmatini ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.
- Davlat xizmati doirasida olingan statistika ma’lumotlarini tarqatishda (qayta chop etishda) ma’lumot olingan manbaga majburiy tartibda havola berilishi shart.
M.Tursunov
Mingbuloq tumani adliya bo‘limi
davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi






